Shahinaning xotiralari...

Ustozimiz Erkin Vohidov (oxiratlari obod boʻlsin!) mahoratli tarjimon sifatida ham barimizga katta maktab. Bir yaxshi do'stimning yordami bilan taniqli rus shoiri Sergey Yeseninning "Shagane" she'rining yozilish tarixi qoʻlimga tushib qoldi. Obdon oʻzbek gazeta va jurnallari va bundan xabardor boʻlishi mumkin bo'lgan barchadan surishtirdim. Izlanishim samarasiz emasligini bilgach, uni sizlarga ham ilindim!!! 
Anvar Botir

"Shahinam, o, mening Shahinam..."
Buyuk rus shoiri Sergey Eseninning qisqa muddatli umri va ulkan ijodiga Isadora Dunkan, Galina Benislavskaya, Anna Izryadnova, Nadejda Volpin, Zinaida Rayx va boshqa shu kabi iqtidorli va chiroyli ayollar ilhom bag'ishlashgan. Biroq hech biri rus tili va adabiyot muallimasi Shahane Talyan singari unutib bo'lmas darajada taassurot qoldirmagan. Uning go'zalligi va jozibasi shoirga ijodining eng mashhur va sevimlisi bo'lgan she'rning yozilishiga ilhom berdi. Shaanduxt (Shahane) Ambartsumyan 1900yilda Axaltsixe (Gruziya) da o'qituvchilar oilasida tug'ilgan. Nerses Ambartsumyan va Mariya Karakashyan 30 yoshga to'lganlarida dunyoga kelgani uchun ham Shahane intiqib kutilgan farzand bo'lgan. Shahane ota-onasidan (tifo isitmasi tufayli) erta ayriladi. Qizaloq 11 yoshida onasidan, 19 yoshida otasidan judo bo'lgan. Amakisi uni Batumiga olib borib, yaxshi ta'lim olishiga ko'maklashadi. Xashuriyadagi ayollar gimnaziyasini tugatganidan bir yil o'tib Tiflisdagi arman maktabida dars bera boshladi. Muallimlar orasida Shahane ajoyib tashqi ko'rinishi bilan ajralib turardi: toza va oppoq badani, och jigarrang sochlari va ko'plab oshiqlarining qalblarini poralagan katta-katta ko'zlari. Shahane 1921-yil tiflislik iqtisodchi Stepan Terteryanning qalbini zabt etdi. Unga turmushga chiqdi va bir yil o'tib o'g'li Ruben (keyinchalik u tibbiyot fanlari nomzodi bo'lgan) tug'ildi. Ammo ularga baxtli hayot kechirish nasib etmadi: Terterian 36 yoshda o'pka kasalligi tufayli vafot etadi. 1923-yili Shagane Batumi shahridagi qarindoshlarinikiga ko'chib o'tadi va o'qituvchilik faoliyatini davom ettiradi. U muallimalikdan tashqari she'riyatni juda sevar, o'zi yoqtirgan shoirlarining she'rlarini tinglash uchun tez-tez adabiy kafelarga borishni kanda qilmas edi. Shahane 1964-yilda “Don” jurnalida "Men ushbu uchrashuvlarni kutib yashardim. Bu she'riy kechalar menga o'zgacha quvonch keltirdi », - deya ta'kidlab o'tadi. 1924-1925-yillarda rus shoiri Sergey Yesenin Batumi shahrida istiqomat qiladi. O'sha davr shoirlari uchun o'z uyida she'riy kechalar tashkillash urfga kirgan edi. Albatta, bundan Shahane va uning opa-singillari ham istisno emas edi. Shoir va yosh muallimaning uchrashuvidan so'ng, Yesenin "Fors taronalari" to'plamidan joy olgan "Shahinam, o mening Shahinam” she'rini yoza boshlaydi. Arman qizining latofatiga maftun bo'lgan shoir, uni sherozlik yosh Shahina shaklida tasvirlaydi. Zamonlar o'tishi bilan ushbu to'plam ko'pchilikning ko'nglidan joy oldi, "Shahina” esa, eng ta'sirli va suyukli she'rlar orasidan o'rin egalladi. Bu mashhur she'rning dunyoga kelishi esa quyidagicha bo'lgan: "Maktabdan chiqqach yana o'sha shoirni avval uchratgan joyimda ko'rdim. Havoning avzoyi buzuq, dengiz tomondan bo'ron boshlangan edi. Salom-alikdan so'ng Sergey Aleksandrovich meni hiyobon bo'ylab sayrga taklif qildi. Bunday ob-havoga unchalik xushi yo'qligini bildirib, yaxshisi menga she'rlarini o'qishini aytdi. U "Shahinam, o, mening Shahinam..." ni o'qiy boshladi so'ngra menga ikkiga bukilgan katak daftar qog'ozini berdi, unda ushbu she'r va imzo bitilgan edi: "S. Yesenin",- deya eslaydi Shahane.
Ma'lum manbalarga ko'ra, shoir yosh muallimaning jozibasiga maftun bo'lib qoladi va unga o'zini yaqin tuta boshlaydi. Shahane o'zinin bir maktubida ushbu uchrashuvlardan biri haqida shunday yozadi: "Sergey Aleksandrovich oqshomlari kelishni hamda mandarin murabbosi qo'shilgan choy ichishni xush ko'rardi. Men undan she'r yozishini so'radim u esa yetarlicha ishlaganini, endi dam olmoqchiligini aytdi. Keyinchalik betob bo'lib uch kun yotib qoldim, 

shu kunlar dav​​omida Yesenin uyga tashrif buyurar, choy tayyorlar, men bilan suhbatlashib, “Arman she'riyati antologiyasi”dan she'rlar o'qib berardi. Bu suhbatlarimizning mazmuni unchalik yodimda qolmagan, lekin shunisi yodimdaki, ular samimiy va huzurbaxsh edi". Esenin o'z ijod namunalarini Shahane bilan baham ko'rgan. Uning uy kutubxonasidan foydalanib, unga fors she'riyatining goʻzalliklari haqida gapirib berardi. Bir necha yil Batumi shahrida yashagandan so'ng, shoir Yesenin Petrogradga qaytadi. Bizning qahramonimiz esa Tiflisga ketadi va u erda maktabda ishlashni davom ettiradi. "Ketishidan avval Sergey Aleksandrovich biznikiga kelib, bu yerdan ketishini ma'lum qildi. U meni hech qachon unutmasligini ta'kidladi. U men bilan xayrlashar ekan, men va opam uni kuzatib qo'yishimizni istamadi. Shu bilan undan xat olmadim. Umrimning oxirigacha Sergey Aleksandrovich hayotimning eng yorqin va unutilmas xotirasi bo'lib qoladi".
Shahanening hayoti qanday davom etgani haqida boshqa narsa ma'lum emas. 1930-yil Shahane bastakor Vardges Talyan bilan turmushga chiqadi. Yerevanga ko'chib o'tishganidan so'ng Shahane ishlamaydi. Qolgan hayotini uy ishlari hamda o'g'lini voyaga yetkazish bilan o'tkazadi va 76 yoshida vafot etadi.

✍️ Tarjimon: Anvar Botir