Yosh ijodkorlar kengashi ginnes rekordini yangilaydi!

         Xalqimiz azaldan kitobxon xalq hisoblanadi. Ota-bobolarimiz yangi chiqqan har bir kitobni bir yerda jam boʻlib oʻqishgan, oʻzaro muhokama qilishgan. Ularning ibratli hayot yoʻllarini davom etishni oʻz oldiga maqsad qilgan Respublika yosh ijodkorlar kengashi yangi, kitob mutolaasidagi eng koʻp tinglovchi auditoriyasini yigʻish boʻyicha ginnes rekordini yangilashga qaratilgan loyihani eʼlon qiladi! 

         Loyihani oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad oʻzbek xalqining kitobga boʻlgan mehrini xalqaro maydonda koʻrsatishdan iborat.

         Loyiha shu yilning 10-aprel kuni Toshkent shahridagi Paxtakor stadionida oʻtkaziladi.

          Loyihaning asosiy qismida XX asrning atoqli adibi, oʻzbek romanchilik maktabiga asos solgan maʼrifatparvar va publitsist Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani, 10 000 nafar kitobxon tomonidan bir vaqtda va bir joyda tinglanadi. Asar 1922-yilda yozilgan boʻlib, u oʻzbek adabiyotining durdonasi deya eʼtirof etiladi. Yuksak badiiyat namunasi sanalgan roman bir necha avlod oʻzbek kitobxonlarining sevimli asari boʻlib kelayotgani ham bejiz emas, albatta. Tarixiy davr, turfa qahramonlar taqdiri, xarakteri va hayot tarzini yuksak ijodiy mahorat bilan, batafsil tasvirlagan adib oʻz asariga umrboqiylik bagʻishladi. Shu bois bu kitob nashrdan chiqishi bilanoq, oʻzbek xalqi uni katta qiziqish bilan oʻqigan. Asar qoʻlma-qoʻl oʻqilgan va kitobxonlar tomonidan katta davralarda muhokama qilingan. Roman hamon oʻzbek kitobxonlari tomonidan sevib mutolaa qilinadi.

          Loyiha doirasida Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligiga bagʻishlangan

         –Kitob sayli;

         –arzonlashtirilgan kitoblar savdosi;

        –“Oʻtkan kunlar” romani personajlari aks ettirilgan rasmlar koʻrgazmasi;

        –Ommaviy soʻrovnoma va mashhur sanʼatkorlar ishtirokida gala-konsert oʻtkaziladi.

                                                             Amaldagi rekord haqida

         Bugungi kunda Ginnes rekordlar kitobida xuddi shu nominatsiya boʻyicha amaldagi rekord Hindistonlik kitobxonlarga tegishli. Mazkur rekord 2018 yili 3 mart kuni Hindiston Maxarashtra shtatida yangilangan. Unda jami 6 ming 786 nafar kitobxon bir joyda toʻplanib, kitobdan oʻqib berilgan boʻlimni tinglashgan.

Ushbu xayrli ishga siz ham o'z xissangizni qo'shing! Biz siz bilan dunyo rekordini yangilaymiz!

10-aprel, Paxtakor stadionida ko'rishguncha!