Gulhayo Anorova: Tongning manglayini siypalar yaproq (she'rlar)

Gulhayo Anorova  -  1998 -yil Samarqand viloyatida tug'ilgan. "O'zbekiston bahori" ijod festivali, she'riyat yo'nalishi g'olibi.


***
Tongning manglayini siypalar yaproq,
Qushlarning bo‘g‘zida singan sukunat.
Qayerlarda eding,
Ey yuragi oq?
Jismimdan to‘kilar ufunat.
Bir otash o‘rtaydi ko‘ksimni -
Ko‘ksimda ko‘tardim xirmonlar.
May kabi suzilgan ko‘zingni
Sipqorsam,
Chayqalar osmonlar.
Shamolning o‘rkachi arolab,
Havoni qiymalar bir ohang.
Sen- u men bir ishqni labolab,
Chaqirsam, 
Chaqirsam,
Chaqirsang.
Daraxtman.
Titraydi ildizim.
Manglayda aldangan afsona.
Ey mening adashgan yulduzim,
Qismatim tolega begona.
Bir otash o‘rtaydi ko‘ksimni -
Ko‘ksimda ko‘tardim xirmonlar...
28 06 2019

***
|
Ruh kapalak,
buncha sokinsan?
Osmon yonib ketguday hozir.
Ildizsiz,
Muallaq bulutni
suyab qolarmikan nimadir?
Qaragin,
ichimda siniqlar
Gardishlangan,
Oy kabi to‘lin.
To‘zg‘itib yubordim ruhini
Qamishlarning archib vujudin.
(O‘zimga ham yetsaydi kuchim.)
Ruh kapalak,
buncha sokinsan?

||
Tebranadi nur pardalari,
Ichimda bir namiqqan bo‘shliq.
Darbadar ruh ming yildan buyon
erk haqida aytadi qo‘shiq.
Va hammasi zavolga yovuq.

|||
Tirikmisan,
Ruh kapalagim?
05 06 2019


***
Meni chorlayotir ayovsiz, hadsiz
Qora so‘qmoqlarda yashringan gunoh.
O‘rtanib yulduzlar izdihomida
Sen kimga ichikding, tiyramoh?

Harir tun oralab kezinar bir his.
Xayoldan yasalgan haykaldayinman.
Sen tartib bilmagan ayovsiz dengiz,
Men jismi yig‘iga to‘lgan qayinman.

Ruhman. Poyim uzra yastangan soya
Quyoshda ohorin yo‘qotgan tanim.
Tunlarimdan omon chiqsam nihoyat
Tongda bolang bo‘lib qaytgum, Vatanim.
28 05 2019

 

***
Osmon turmaklaydi tunning sochlarin,
Borliqqa baralla berib to‘shini.
Maydonga mahkumdir mardligi uchun,
Muqanna - hilolning oppoq qo‘shini.

Ko‘ksimga qadalar nurlar, yog‘dular,
Har otilgan o‘qqa so‘ngi manzilman.
Bedor nigohlaring og‘rib og‘ringan,
Tushingga sig‘magan qismati zilman.

Ziraklar tig‘inda kesilgan tiling,
Qulog‘im ostida shivirlagan sas.
Faqat- ki so‘z uchun yaralgan oshiq,
Faqat- ki she’rimda larzam bor abas.

Jonim, Yurtsevar bir Vatangadomiz.
Bizga hukm yo‘qdir, bizga yo‘q chora.
Sening mangu darding Baland minordir.
Mening qismatimdir Kalta minora.

Endi men umringda bir kemtigingman,
Endi poyoniga yetmagay anduh.
Seni qumsayapman, Kalta minorning
Girdida aylanib yurgan Baland ruh!
15 05 2019

***
Men daryo edimay to‘lg‘onib oqqan,
To‘lqin - o‘rkachlarim. Jilovdan holi.
Namiqqan ildizin ruhimga chayib,
Bo‘ynimda sollanar majnuntol yoli.

Qaqragan lablarga salqin o‘pichman.
Entiksam, toshlarin qulatar qoya.
Ey meni ichikib sog‘ingan baxtim,
Ishqqa tashnaligim bilsang kifoya.

Men daryo edimay kaftlaring o‘pgan,
Poyingga necha bor  urgan to‘lqin.
Bilaman, bog‘ringda bir dam titrasam,
Ko‘ksingda harsanglar eriydi bir kun.

Og‘ir langar kabi cho‘kar tuyg‘ular,
Zangori mavjlarga urilar eshkak.
Vujud - o‘zanimdan ayro tushgan kun
Dunyoda eng baxtli o‘zimman beshak.

Men daryo edimay to‘lg‘onib oqqan...
07 07 2019